O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi

Faoliyat haqida hisobot

Faoliyat haqida hisobot


Hozirgi kunda Agentlikning Atrof-muhit sifati monitoringi boshqarmasi 26 ta shaharning 74 ta statsionar kuzatuv punktlarida havo ifloslanishini kuzatadi. Ulardan 66 ta statsionar postlarda kuniga 3 marta havodan namuna olish amalga oshiriladi.

Respublikaning 7 ta - Jizzax, Guliston, Samarqand, Termiz, Nukus, Urganch va Toshkent shaharlarida o‘rnatilgan 8 ta zamonaviy avtomatik monitoring stansiyalarida «Horiba» onlayn kuzatuvlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, atmosfera havosi sifatini marshrut kuzatuvlari mobil ekologik laboratoriya yordamida amalga oshiriladi.

Mazkur kuzatish punktlari atmosfera havosini ifloslantiruvchi 12 turdagi tashlamalar monitoring qilinadi. Joriy yilda atmosfera havosidan Toshkent shahrida 23 mingtadan ziyod, butun tarmoq bo‘yicha

98 mingta namunalar olindi va tahlil qilindi. Buxoro, Termiz, Toshkent shaharlarida atmosfera havosini mayda chang zarralari RM10 bilan yuqori darajada ifloslanishi holatlari qayd etildi.

Yer usti suvlarining ifloslanishi monitoringi 43 ta ingrediyent bo‘yicha 59 ta suv obyektida, 89 ta punktda, 107 ta uchastkada amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 768 ta yer usti suvi namunalari, Gidrobiologik monitoring bo‘limi laboratoriyasida Toshkent viloyati daryolaridan olingan 110 ta perifiton va 134 ta zoobentos namunalari tahlil qilindi.

Tahlillar natijasida Markaziy Buxoro kollektorida – Buxoro shahri yuqori va quyi oqimida yer usti suvlarining sulfatlar bilan yuqori darajada ifloslanishining 9 ta holati qayd etilgan;

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi yerlarida 261 ta punktda tuproq ifloslanishi monitoringini olib borilmoqda. Toshkent va Navoiy shaharlari atrofidagi tuproqlarda 20 ta indikator yordamida sanoatdan kelib chiqadigan toksikantlar, Sariosiyo shahri atrofida esa suvda eruvchan ftoridlar miqdori tekshirildi. Jami 462 ta tuproq namunalari olindi va tahlil qilindi.

Aerozollarning umumiy beta faolligi va izotopik tarkibi kuzatuvlari 25 ta statsionar punktda olib boriladi, 40 ta stansiyada esa gamma nurlanishning ta’sir qilish dozasi darajasi o‘lchanadi. 400 ta atmosfera havosi namunalari tanlab olindi va tahlil qilindi.

Respublikamiz hududlarida chang bo‘ronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslari, o‘simlik va hayvonot dunyosining qisqarishi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi ta’sirida aholi salomatligida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlarni o‘rganish va ularning oldini olish maqsadida Agentlik Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi, bilan hamkorlikda “Iqlim o‘zgarishiga moslashish rejasi”ni ishlab chiqmoqda.

Mamlakatimizdagi atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasini takomillashtirish maqsadida Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.